O‘zbekistonda uzumchilik tarixi va istiqbolli rejalar!

Oʻrta Osiyo, xususan, Oʻzbekistonda Uzumchilik uzoq tarixga ega. Miloddan avvvalgi IV asrlarda ham tok ekilgani maʼlum. Uzoq yillar davomida Oʻrta Osiyo xalq seleksiyasida juda qimmatli xoʻjalik belgilariga ega boʻlgan yuzlab navlar yaratilgan. Oʻrta Osiyoning deyarli barcha dehqonchilik mintaqalarida, ayniqsa, Fargʻona va Zarafshon vodiylarida, Toshkent, Xorazm, Qashqadaryo vohalarida koʻp ekilgan. Lekin moʻgʻullar istilosi davrida bog‘dorchilik tanazzulga yuz tutgan. Uzumchilik faqat XV asrga kelib qayta rivojlana boshladi. Oʻzbekiston Uzumchiligi rivojlanishida Rossiya bogʻdorchilik jamiyatining Turkiston boʻlimi muhim rol oʻynadi. Boʻlim uzumning mahalliy sharoitga mos keladigan eng yaxshi navlarini oʻrganib tavsiya etish, tegishli navlarni boshqa mintaqalar, Qrim, Moldova, Kavkaz orti mamlakatlaridan olib kelish ishlarini tashkil qildi. Keyinchalik shu bo‘lim asosida Turkiston uzumchilik va vinochilik qoʻmitasi tashkil etildi. Qoʻmita uzumchilik va vinochilikni ilmiy asosda rivojlantirish (kasalliklarga, zararkunandalarga qarshi kurash), uning agrotexnika usullarini ishlab chiqish bilan shug‘ullandi.

XX asr boshlarida Oʻzbekiston hududida 30,6 ming ga tokzor bor edi. 20-yillarning 2-yarmidan ixtisoslashtirilgan bogʻdorchilik va uzumchilik davlat xoʻjaliklari tashkil etila boshladi, tog‘ va togʻ etaklari mintaqalarida ham bu tarmoqqa jiddiy eʼtibor beriladigan boʻldi. 50-yillar oxiri — 60-yillardan 2500—3000 ga bog‘ va tokzorlarga ega boʻlgan agrokombinatlar tashkil etildi.Uzumchilik sohasidagi ilmiy tadqiqot va amaliyot ishlari 1948-yildan hozirgi “Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik” institutida olib borildi va Uzumchilikning nazariy va amaliy masalalari, kishmish navlarining hosildorligi hamda gʻujum koʻrinishi sifatini oshirishda oʻstiruvchi moddalar taʼsiri oʻrganildi, tog‘ va togʻ oldi shagʻalli yerlarda, Mirzachoʻl va Fargʻona vodiysida uzumzorlar barpo qilish uslubi ishlab chiqildi. Intitutning Samarqand filialida 100 ga maydonda uzumning 105 navi oʻstiriladigan tajriba maydoni tashkil qilindi, Oʻzbekistonda ekiladigan toklarning botanik kolleksiyasi yaratildi.Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy tadqiqot institutida hamda uning viloyatlardagi filiallarida, Butun ittifoq oʻsimlikshunoslik instituti Oʻrta Osiyo filialida uzumning Oʻzbekiston muskati, Gʻalaba, Oktyabr, VIR1, Xishrov kishmishi, Samarqand kishmishi, Joʻrauzum, Tarnoye, Rizamat va oʻnlab navlari yaratildi. Bu ishlarda akademik M. Mirzayev, A. M. Negrul, M. S. Juravel, A. V. Ribakov, V. I. Gorbach, Yu. M. Javakyans va boshqa uzumshunos olimlarning, R. Musamuhamedov kabi xalq seleksionerlarining hissasi katta boʻldi.Hozirgi kunda Oʻzbekistonda 196 ming ga tokzor mavjud. Uning 70% dan koʻprogʻi Samarqand, Payariq, ishtixon, Qoʻshrabot, Surxondaryo, Toshkent, Xorazm, Buxoro viloyatlarida joylashgan. Respublikada Uzumchilik maydonlarini kengaytirish, hosildorligini oshirish, jahon bozori talablariga mos mahsulotlar yetishtirishga katta eʼtibor berilmoqda. Uzumchilik yoʻnalishida juda koʻp fermer xoʻjaliklari faoliyat koʻrsatib keladi.Bugun mamlakatimizda soha rivoji uchun qabul qilinayotgan qator qaror va farmoyishlar o‘z mahsulini berdi, desak aslo mubolag‘a bo‘lmaydi. Mustaqillikdan keyin hozirgi vaqtga qadar 30-40 ming gektardan ortiq, asosan lalmi va foydalanishdan chiqqan yer maydonlarda yangi tokzorlar barpo etildi. Shuni ta’kidlash kerakki, keyingi 3-4 yil soha uchun juda samarali keldi. Jumladan 2024-yilda 101 ming ga maydonda uzumzorlar barpo etish rejaga kiritilgan.