Sizning bog‘ingiz- sizning innovatsiyangiz!

Loyiha joylashgan hudud haqida. Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida 20,4 gektar hududda eng zamonaviy agrotexnologiyalar va jihozlar bilan ta’minlangan invitro sharoitida ko‘chat yetishtirish kompleksi ishga tushirildi. Shundan, laboratoriya maydoni – 3 500 m2, muzlatkich ombori – 900 m2, zamonaviy issiqxona maydoni – 2 gektar, bog‘ – 18 gektar tashkil etadi. In vitro laboratoriya “Viscon Group” kompaniyasi (Niderlandiya) tomonidan ishlab chiqilgan 14 turdagi eng so‘nggi texnologiyalarga asoslangan uskunalar bilan jihozlangan.

 

Laboratoriya “vi-kabin” sun’iy iqlim kabinasi (harorat, shamol, yorug‘lik, namlik, CO2 gazini avtomatik boshqarish), ko‘chatlar uchun ozuqa tayyorlash, akllimatizatsiya qilish va ildiz shakllantirish texnologik uskunalari bilan jihozlangan. Ko‘chat tayyorlash issiqxonasi. Oynavand issiqxona invitro laboratoriyasida yetishtirilgan ko‘chatlarni tashqi muhitga moslashtirish hamda to‘liq ko‘chat darajasiga yetkazishning barcha bosqichlarini o‘z ichiga oladi. Issiqxona “Gakon Netafim” kompaniyasining (Niderlandiya) 5-avlod texnologiyasi asosida ko‘chat yetishtirishda sun’iy “mikro-iqlim” muhitini yaratuvchi avtomatik isitish, sovutish, sug‘orish tizimlari bilan jihozlangan. Issiqxona energiyani isitish jarayonida 30 foiz, sovutish jarayonida 67 foiz iqtisod qiluvchi energiya tejamkor texnologiyalar bilan ta’minlangan.

Onalik bog‘i: Laboratoriya sharoitida onalik materiallari namunalarini ko‘paytirish uchun 5 gektar maydonda 40 xil navdagi 6 ming dona sertifikatlangan xorijiy meva va tok ko‘chatlari bog‘i yaratilgan. Onalik bog‘ida Italiyaning “Vitroplant” kompaniyasining 24 navdagi xandon pista, bodom, shaftoli va nektarin, o‘rik, gilos va olxo‘ri, Ispaniyaning “Provedo” kompaniyasining 16 xildagi sanoatbop, urug‘siz xo‘raki va kishmishbop uzum navlari ko‘paytirilmoqda.

Ko‘chatzor: Mevali, tok va manzarali daraxt ko‘chatlarini parvarishlash (issiqxonadan keyingi bosqichda), kuzgi hamda bahorgi ekish mavsumlarigacha tayyor ko‘chat holatiga yetkazish uchun 10 gektar maydonda ko‘chatxona tashkil qilingan. Invitro sharoitida ko‘chat yetishtirish virus va kasalliklardan xoli ko‘chatlar tayyorlash, ko‘chatlar irsiyatining (genetik jihatdan) bir xilligini ta’minlash, hosildorlikni 40 foizgacha oshirish hamda eksportbop mahsulotlar yetishtirish imkoniyatini beradi.

 Laboratoriya xodimlari. Loyihani amalga oshirish orqali 82 ta doimiy ish o‘rni yaratildi va 6 nafar biotexnolog va 24 ta laborantlar doimiy faoliyat yuritadi. Xindistondan 2 nafar malakali mutaxassislar (Biotexnolog, PhD) jalb qilinib 6 oy davomida xodimlar malakasi oshirildi. Shuningdek, Viscon Group kompaniyasi tomonidan Niderlandiya davlatidan 2 nafar malakali mutaxassislar (biotexnolog) jalb etilib 6 nafar agronom texnolog va 11 nafar laborantlarga 160 soatlik o‘quv dasturiga asosan nazariy va amaliy bilimlar berildi. Kompleks binosida o‘quv va treninglar o‘tkazish uchun alohida xonalar tashkil etilgan.